Ish ko'p, vaqt yetmaydi va birinchi bo'lib qisqartiriladigan narsa — uyqu. «Bir kecha kam uxlasam hech narsa qilmaydi, dam olish kuni to'ldirib olaman», deymizu, yana yarim tungacha o'tiramiz.
Kardiolog Erik Topol uyquga boshqa tomondan qaraydi. Uning yozishicha, uyqu faqat charchoqni yozish emas, balki miyaning tozalash smenasi. Kunduzi to'plangan chiqindi aynan uxlaganimizda yuvib chiqariladi.
Miyaning o'z «kanalizatsiyasi»
Tananing boshqa a'zolarida chiqindini limfa tizimi olib ketadi. Miyada esa uzoq vaqt bunday tizim yo'q deb hisoblangan. 2012 yilda Rochester universitetidan Mayken Nedergaard va hamkasblari uni topib, «glimfatik tizim» deb nomlaydi: qon tomirlari bo'ylab o'tgan ingichka yo'laklarda miya suyuqligi hujayralar orasini yuvib, chiqindini olib ketadi.
Bu tizim asosan sichqonlarda o'rganilgan. 2024 yil oxirida u birinchi marta odamda ham ko'rinadi: miya operatsiyasidan o'tgan 5 nafar bemorda MRT orqali. Kichik tadqiqot, lekin muhim qadam.
Tozalash qachon ishlaydi?
Asosiy ish chuqur uyquda — tush ko'rilmaydigan, sekin to'lqinli bosqichda bo'ladi. Nedergaard guruhining sichqonlardagi yangi tadqiqotiga ko'ra, bu bosqichda noradrenalin to'lqinsimon chiqib, tomirlarni goh toraytiradi, goh kengaytiradi. Tomirlar nasos kabi ishlab, suyuqlikni miya bo'ylab haydaydi.
Ko'chani tirbandlik paytida emas, tunda yuvishadi. Miya ham shunday: to'liq ishlab turganda o'zini yaxshi tozalay olmaydi.
Bir kechaning o'zi ham iz qoldiradi
2018 yilgi tadqiqotda birgina uyqusiz tundan keyin miyada beta-amiloid oqsili ko'paygani aniqlangan. Bu Alzheymer kasalligi bilan bog'liq oqsil. Deyarli 8000 kishi 25 yil kuzatilgan boshqa tadqiqotda esa 50–60 yoshlarida kechasi 6 soat va undan kam uxlaganlarda keyinchalik demensiya xavfi 20 foizdan ko'proq yuqori bo'lgan.
Bog'liqlik ikki tomonlama: yomon uyqu chiqindini ko'paytiradi, to'plangan chiqindi esa uyquni yanada buzadi. Yosh o'tgani sari chuqur uyqu kamayib, tozalash ham sustlashadi.
Uxlatadigan dori — tozalovchi uyqu emas
Maqoladagi eng kutilmagan fikr shu. Sichqonlardagi tadqiqotda keng tarqalgan uyqu dorisi zolpidem noradrenalin to'lqinlarini bostirib, tozalash oqimini kamaytirgan. Topolning yozishicha, ayrim uyqu dorilari bilan demensiya o'rtasida bog'liqlik kuzatilgan, ammo bu sabab ekani isbotlanmagan. Hozircha chuqur uyquni xavfsiz kuchaytiradigan dori ham, qo'shimcha ham yo'q.
Demak, ko'zni yumdirish bilan miyani tozalash bir narsa emas. Dori ichayotgan bo'lsak, uni o'zimizcha to'xtatmay, shifokor bilan gaplashgan ma'qul.
Amalda nima qilish mumkin?
— har kuni bir vaqtda yotib, bir vaqtda turish;
— muntazam harakat va mashq;
— kechki ovqatni uyqudan ancha oldin yeyish;
— xonani salqin va qorong'i qilish, yotishdan oldin ekrandan uzoqlashish;
— qattiq xurrak yoki uyquda nafas to'xtashi bo'lsa, shifokorga ko'rinish.
Dinimizga nazar solsak
Qur'oni karimda: «Kechasi va kunduzi uxlashingiz hamda Uning fazlidan izlashingiz ham Uning oyatlaridandir» (Rum, 23). Uyqu rizq izlash bilan yonma-yon zikr qilingan — u yo'qotilgan vaqt emas.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tunni to'liq bedor o'tkazmoqchi bo'lgan sahobaga: «Badaningning senda haqqi bor», deganlar (Buxoriy).
Xulosa qilib aytganda, uyqu kunning qoldig'i emas, miyaning ertangi kunga tayyorgarligi. Undan yulib olingan bir soat ko'pincha ertasi kuni tumanli bosh bilan qaytariladi. Alloh o'zi hammamizga omonat badanning haqqini ado etish tavfiqini va orom beruvchi uyqu nasib etsin.
Ayting-chi, kun davomida vaqt yetmay qolsa, nega birinchi bo'lib aynan uyqumizdan qisqartiramiz?
Referans: "Our Sleep, Brain Aging, and Waste Clearance", Eric Topol
