Qarilikda oyoqda turish: hech kim gapirmaydigan to'rt muskul

Qarilikda oyoqda turish: hech kim gapirmaydigan to'rt muskul

Tanzaniyadagi Hadza qabilasi odamlari kuniga o'rtacha 75 daqiqa faol harakat qiladi. Amerikalik kattalarda bu ko'rsatkich haftasiga 64 daqiqa. Hadzalarda semizlik, yurak va modda almashinuvi kasalliklari kam, keksayganda muskul yo'qotish (sarkopeniya) ham sanoati rivojlangan mamlakatlardagidek ko'p uchramaydi.

Farq qo'shimchada ham, protein kokteylida ham emas. Ularning tanasi har kuni ishlashga majbur. Bizda esa harakat ixtiyoriy bo'lib qolgan.

Greg Pallone qarilikda mustaqil yurishimizni to'rtta «e'tiborsiz» muskul hal qiladi, deb yozadi.

O'tirish qanchalik qimmatga tushadi?

Bugun kattalar kuniga 9–12 soat o'tiradi. 65 yoshdan oshganlarda kunlik o'tirishga qo'shilgan har bir soat sarkopeniya xavfini 6% oshirgan. Kuniga 11 soatdan ko'p o'tirganlarda bu xavf 4 soatdan kam o'tirganlarga nisbatan ikki barobardan ham yuqori. Tadqiqotchilar haftasiga 150 daqiqa mashq ham ko'p soatlik o'tirish zararini to'liq qoplamasligini qayd etadi.

To'rt muskul

— Dumba muskuli. Tanadagi eng katta muskul yurganda oldinga itaradi, zinaga olib chiqadi, stuldan turg'izadi. Uzoq o'tirganda u «o'chib» qoladi va yukni bel bilan tizza ko'taradi. Ko'prikcha mashqi, zinaga chiqish va tez-tez turib yurish uni qaytaradi.

— Kambalasimon muskul (boldirning chuqur qismi). Uni «ikkinchi yurak» deyishadi: qonni oyoqdan yurakka qaytaradi. 2022 yilgi bir tadqiqotda o'tirgan holda shu muskulni qisqartirish tajriba davomida qondagi glyukozani 52%, insulinni 60% kamaytirgan. Zinaga qo'yib, sekin tovonni ko'tarish uni yaxshi mashq qildiradi.

— Boldirning old muskuli. Har qadamda oyoq uchini ko'tarib, ostonaga ilinib qolmasligimizni ta'minlaydi. AQSh va Kanadada 65 yoshdan oshganlarda yiqilish jarohatdan o'limning asosiy sababi. Yosh o'tishi bilan bu muskul faolligi 19–31% kamayadi. Tovonda yurish va oyoq uchini ko'tarish yetarli.

— Umurtqa bo'ylab muskullar. Qaddimizni tik tutadi. Bukchayib o'tirish ularni zaiflashtiradi, natijada qad bukiladi, yiqilish xavfi oshadi. Eshkak eshish harakati va «supermen» mashqi foyda beradi.

Amalda nima qilish mumkin?

— har 30–45 daqiqada o'rnimizdan turish, telefonda gaplashganda yurish;

— tekis yo'l o'rniga qiyalik, zina va notekis yerni tanlash;

— haftasiga 2–3 marta, 30 daqiqagacha shu muskullar uchun mashq;

— har kuni qo'lsiz yerdan turishni mashq qilish: bu uzoq umrning kuchli belgilaridan biri.

Yaxshi tomoni shundaki, bu muskullar har qanday yoshda mashqqa javob beradi: 2025 yilgi sharhga ko'ra, natija sakkiz haftadayoq ko'rinadi. Bel og'rig'i, suyak mo'rtligi yoki yiqilish tarixi bo'lsa, boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Dinimizga nazar solsak

Qur'oni karimda: «Alloh sizlarni zaiflikdan yaratdi, so'ngra zaiflikdan keyin quvvat berdi, so'ngra quvvatdan keyin zaiflik va keksalikni qildi», deyiladi (Rum, 54). Ibn Kasir oyatni inson hayotining bosqichlari bayoni deb izohlaydi: go'daklik zaifligi, yoshlik quvvati, so'ng qarilik zaifligi. Quvvat doimiy emas, berilgan ne'matdir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ikki ne'mat borki, ko'p odamlar ularda aldanadi: sog'liq va bo'sh vaqt», deganlar (Buxoriy). Ibn Hajar sharhida aytilishicha, bu ikki ne'matni o'rnida ishlatmagan odam ziyon ko'rgan savdogarga o'xshaydi.

U zot qarilikning eng og'ir holatiga qaytarilishdan Allohdan panoh so'rardilar (Buxoriy). Sharhlovchilar buni tana va aql zaiflashib, kishi o'z ishini o'zi qila olmay qoladigan holat deb tushuntiradilar.

Xulosa qilib aytganda, keksalikda kim bo'lishimiz bugun qancha o'tirishimizga bog'liq. Alloh barchamizga sog'liqning qadriga yetib, umrimiz oxirigacha o'z oyog'imizda yurishni nasib etsin.

Ayting-chi, kundalik hayotingizda qaysi qulaylik sizni eng ko'p harakatdan mahrum qilgan?

Referans: "Four Muscles that Decide How Well You Age", Greg Pallone

Обратный звонок
Запрос успешно отправлен!
Имя *
Телефон *
Предзаказ
Предзаказ успешно отправлен!
Имя *
Телефон *
Добавить в корзину
Название товара
100 UZS
1 шт.
Перейти в корзину
Заказ в один клик

Я ознакомлен и согласен с условиями оферты и политики конфиденциальности.